Mustaqilligimizning 35 yilligiga munosib tuhfa: Maydanakka ko‘p linzali zamonaviy teleskop majmuasi o‘rnatildi
20.08.2026 / 18:20
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi O‘zR FA Ulug‘bek nomidagi Astronomiya institutida ilm-fan va zamonaviy astronomik texnologiyalar sohasidagi muhim yangilik bilan kutib olinmoqda. Institut va Xitoy Fanlar akademiyasining Shanhay astronomik observatoriyasi olimlari hamkorligida ishlab chiqilgan butun osmonni bir vaqtda kuzatishga mo‘ljallangan ko‘p linzali zamonaviy teleskop majmuasi Maydanak astronomik observatoriyasiga o‘rnatildi va ishga tushirildi.
Mazkur innovatsion teleskop 31 ta mustaqil optik modul va yuqori sezgir CMOS kameralardan tashkil topgan. Tizim gorizontdan 20 darajadan yuqoridagi deyarli butun osmonni bir vaqtning o‘zida kuzatish imkonini beradi. Uning yordamida 14-yulduz kattaligigacha bo‘lgan osmon obyektlarini qayd etish, ayniqsa Yerga yaqin asteroidlar, meteor, bolidlar, sun’iy yo‘ldoshlar hamda kosmik chiqindilar kabi tez harakatlanuvchi obyektlarni aniqlash va monitoring qilish mumkin.
Teleskop oddiy kuzatuv qurilmasi emas, balki to‘liq avtomatlashtirilgan astronomik monitoring kompleksi hisoblanadi. Uning 31 ta tasvirlash blokidan kelayotgan ma’lumotlarni 16 ta kompyuter real vaqt rejimida qayta ishlaydi. Kuzatuv ma’lumotlarini saqlash uchun 150 terabayt hajmdagi ma’lumotlar tizimi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bir kecha-kunduzda o‘rtacha 6-7 terabaytgacha astronomik ma’lumot olish imkoniyatiga ega.
Tizimning yana bir muhim jihati shundan iboratki, zamonaviy dasturiy ta’minot va chuqur o‘rganish (deep learning) algoritmlari yordamida osmon tasvirlaridan harakatlanuvchi obyektlarni avtomatik aniqlash imkoniyati mavjud. Dastur obyektlarning harakat trayektoriyasini kuzatish, astronomik koordinatalarini aniqlash va dastlabki orbital parametrlarini hisoblash imkonini beradi. Teleskopni masofadan boshqarish, kuzatuvlarni avtomatik rejalashtirish, atmosfera harorati, namligi, bosimi va shamol tezligini monitoring qilish ham mumkin.
Mazkur majmuaning aynan Maydanak astronomik observatoriyasida joylashtirilishi alohida ahamiyatga ega. Maydanakning baland tog‘ sharoiti, atmosferasining musaffoligi va barqaror astronomik kuzatuv sharoitlari ushbu tizimning yuqori samaradorlik bilan ishlashi uchun qulay imkoniyat yaratadi. Shu tariqa O‘zbekistonda Yerga yaqin kosmik fazoni muntazam va tezkor kuzatishga mo‘ljallangan yangi ilmiy-texnologik yo‘nalish shakllanmoqda.
Shu sababli ushbu teleskopning ishga tushirilishini faqat yangi ilmiy uskuna o‘rnatilishi sifatida emas, balki O‘zbekiston astronomiyasining yangi texnologik bosqichga chiqishi sifatida baholash mumkin. U mamlakatimiz olimlariga Yerga yaqin obyektlarni tezkor aniqlash va monitoring qilish, kosmik xavfsizlik yo‘nalishlaridagi xalqaro tadqiqotlarda faolroq ishtirok etish, katta hajmdagi astronomik ma’lumotlar bilan ishlash hamda yosh mutaxassislarni zamonaviy kuzatuv texnologiyalari asosida tayyorlash imkonini beradi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Maydanak bag‘rida ishga tushirilgan ushbu zamonaviy butun osmon teleskopi Astronomiya institutining mamlakatimiz ilm-faniga munosib tuhfasidir. U O‘zbekiston-Xitoy ilmiy hamkorligining amaliy natijasi, Maydanak observatoriyasining xalqaro nufuzini yanada oshiruvchi yangi ilmiy infratuzilma va mamlakatimizda zamonaviy kosmik monitoring tizimini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.